Mahalliy

Ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziyasiz shug‘ullanishga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda yangi huquqiy institut – “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi. Bu orqali ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.

Ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziyasiz shug‘ullanishga ruxsat beruvchi o‘zgartishlar “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartishlar Senatning 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ma’qullandi.

Qayd etilishicha, “Biznesga litsenziyasiz kirish” deb nomlangan maxsus rejimning joriy etilishi natijasida tadbirkorlik sub’yektlari litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan, vakolatli organni elektron tarzda xabardor qilish orqali o‘z faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu tartib ularga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt beradi, shuningdek, o‘z faoliyatini sinov tariqasida boshlash va uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkonini yaratadi.

Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Ushbu o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlashni yengillashtiradi, vaqt va xarajatlarni tejaydi hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi”.

business licensingbusiness startuppilot programsderegulationregulatory reformuzbekistan senateentrepreneurshipeconomic development