Siyosat

Avstriya kansleri onalar mehnati haqidagi gaplari uchun uzr so‘radi

Avstriya kansleri Kristian Shtoker mamlakat bo‘ylab safari davomida aytgan bahsli so‘zlari uchun uzr so‘radi. Zalsburg shahrida 6-avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilardan biri undan yolg‘iz onalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish masalasini ko‘targan edi.

Ayolning ta’kidlashicha, yolg‘iz onalar bolalarni parvarish qilish uchun haftasiga o‘rtacha 96 soat tekinga mehnat qiladi. Kansler bunga javoban "bolalar parvarishini ish deb hisoblamagan bo‘lardim" degan va "oilaviy hayot bu — evaziga hech narsa olmasdan yashash" fikrini bildirgan.

Shtokerning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda va siyosiy doiralarda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. "Yashillar" partiyasi matbuot kotibi Leonore Gevessler shunday bayonot berdi: "Janob kansler, onalar sevadi. Onalar ishlaydi. Onalar g‘amxo‘rlik qiladi. Onalar aqlbovar qilmas ishlarni bajaradi. Onalar ishlaydi. Onalar mamlakat faoliyatini ushlab turibdi. Onalar tekinga ishlaydi. Ular ustidan kulishlariga loyiq emas. Ular uzr so‘ralishiga loyiq".

O‘ngchilar yetakchisi, "Avstriya ozodlik partiyasi"dan Herbert Kikl ham Shtokerning so‘zlarini "onalar ustidan kulish" deb baholadi. Natijada, bahsli bayonotdan bir hafta o‘tib, kansler o‘z so‘zlaridan voz kechdi.

U noto‘g‘ri gapirganini tan oldi va shartsiz uzr so‘radi. "Bolalar parvarishi — bu mehnat. Aynan oilalarning aksariyatida hali ham g‘amxo‘rlikning asosiy qismini o‘z zimmasiga oladigan ayollar eng muhim ishni bajaradi. Mening bayonotimdan xafa bo‘lgan yoki kamsitilganlarning barchasidan ochiqchasiga uzr so‘rayman", dedi Shtoker.

Avvalroq Vengriya davlat teleradiokompaniyasi "yillar davomidagi yolg‘onlar" uchun uzr so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Bunga mamlakat sobiq bosh vaziri Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatlash uchun olib borilgan uzoq yillik targ‘ibot sabab bo‘lgan.

avstriyamehnatoilakansleruzronalarsiyosiy tanqidbolalar parvarishi