Argentinada davlat xizmatchilari bo‘lgan vertolyot qulab tushdi

Argentinada davlat xizmatchilari bo‘lgan vertolyot halokatga uchradi
Argentinada favqulodda vaziyatlar xizmatining yuqori lavozimli xodimlarini olib ketayotgan vertolyot qulab tushdi. San Xuan gubernatori Marselo Orrego ushbu fojia natijasida yetti kishi hayotdan ko‘z yumganini tasdiqladi.
Ushbu hodisa o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar vaqtida sodir bo‘lgan.
"Viloyatimizda yuz bergan vertolyot halokati oqibatida yetti kishining fojiali o‘limi haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik", — dedi Orrego.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot bortida o‘z hayotini mahalliy aholini himoya qilishga bag‘ishlagan davlat xizmatchilari bo‘lgan. Ular orasida fuqaro muhofazasi xizmati direktori, politsiya boshlig‘i o‘rinbosari, yong‘in xavfsizligi xizmati boshlig‘i, uning o‘rinbosari va Federal favqulodda vaziyatlar agentligi xodimlari bor edi. Hodisa oqibatida uchuvchi ham halok bo‘lgan.
"Ushbu qayg‘uli damda barcha halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiraman. Biz yaqinlarini yo‘qotgan har bir insonning qayg‘usiga sherikmiz", — deya ta’kidladi gubernator.
The Sun nashrining xabar berishicha, Bell 412 vertolyoti bilan aloqa parvoz vaqtida uzilgan, uning qoldiqlari keyinchalik mahalliy tog‘-kon kompaniyasi vertolyoti ekipaji tomonidan topilgan. Qutqaruvchilar halokat tog‘li hududda yuz bergani va borish qiyinligi sababli u yerga faqat piyoda yetib bora olgan.
San Xuan — Argentinaning g‘arbiy qismida Chili bilan chegaradosh provinsiya. U Kuyo mintaqasiga kiradi va mamlakatning tog‘-kon sanoati markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda oltin, kumush va mis qazib olinadi, shuningdek, mis konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 23-iyul kuni Chexiyada bortida besh kishi bo‘lgan harbiy vertolyot qulab tushgandi. Aviahalokat oqibatida bir nafar harbiy halok bo‘lgandi. Shuningdek, 13-iyun kuni Hindistonning shimoli-sharqida An-32 harbiy samolyoti qo‘nishga urinayotgan paytda halokatga uchragandi, mazkur fojiada ekipajning besh a’zosi halok bo‘lgan.

