Argentina mamlakatni tanqid qilgan xorijliklarni deportatsiya qiladi

Argentina mamlakatni tanqid qilgan xorijliklarni deportatsiya qiladi
2026-yilgi Jahon chempionatidan keyin yuzaga kelgan xalqaro kelishmovchiliklar fonida, Argentina prezidenti Xavyer Miley mamlakatga va uning milliy ramzlariga nisbatan "nafrat" tarqatgan yoki ularni obro‘sizlantirgan chet el fuqarolarini deportatsiya qilish, vizalarini bekor qilish hamda mamlakatga kirishini taqiqlash vakolatini beruvchi farmonni imzoladi. Prezident administratsiyasi bu qat’iy chorani mundial davomida va undan keyin Argentina manziliga bildirilgan tanqidlarga javob sifatida izohladi.
19-iyul kuni bo‘lib o‘tgan final bahsidan so‘ng maydonda ommaviy janjal kelib chiqqan va Argentina terma jamoasi hamda muxlislari manziliga irqchilik, nojo‘ya xatti-harakatlar hamda noxolis hakamlik bo‘yicha ayblovlar yog‘ilgan edi. Ushbu voqealar ortidan FIFA Argentina terma jamoasining uch nafar futbolchisi va bir nafar murabbiyiga nisbatan intizomiy surishtiruv boshladi. Muxlislar va hukumat bu xalqaro bosimlardan g‘azabga tushgan bir paytda, prezident Miley ushbu tanqidlarni Argentinani obro‘sizlantirishga qaratilgan hamda Braziliya, Meksika va AQSH Demokratik partiyasidagi so‘l kuchlar tomonidan moliyalashtirilgan tizimli kampaniya deb atadi.
Ushbu keskin ayblovlar allaqachon jiddiy diplomatik muammolarni keltirib chiqardi: Braziliya o‘z prezidenti va sud tizimiga nisbatan aytilgan haqoratlar sababli Argentinadagi elchisini ortga chaqirtirib oldi. 20-iyul, payshanba kuni imzolangan farmonda siyosiy, akademik yoki fuqarolik tanqidlariga taalluqli emasligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, huquqshunos ekspertlar hujjatda "nafrat" iborasiga aniq ta’rif berilmagani va turistlar hamda xorijliklarning ijtimoiy tarmoqlari tekshiriladimi-yo‘qmi — bunisiga aniqlik kiritilmaganidan xavotirda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi Jahon chempionati finalida Ispaniya Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

