«ARDA XIVA» va FLYARYSTAN: O‘zbekiston hamda Qozog‘iston hamkorligidagi turizm yangi bosqichda
«Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish kunida «Arda Xiva» turistik majmuasi hamda FlyArystan aviakompaniyasi ikki mamlakat

«ARDA XIVA» va FLYARYSTAN: O‘zbekiston va Qozog‘iston turizm sohasida yangi bosqichga chiqmoqda
«Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish marosimida «Arda Xiva» turistik majmuasi va FlyArystan aviakompaniyasi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam tashladi. Shu munosabat bilan Olmaota shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston turoperatorlari ishtirokida yangi Olmaota – Urganch – Olmaota xalqaro aviaqatnovining ochilishiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida «Arda Xiva» majmuasi vakillari ishtirokchilarni Xorazm viloyatining boy turistik salohiyati hamda FlyArystan yo‘lovchilari uchun maxsus ishlab chiqilgan turistik paketlar bilan tanishtirdi. FlyArystan aviakompaniyasi esa yangi aviaqatnovning imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Ushbu turistik paketlar mehmonxonada joylashish va ekskursiya dasturlarini o‘z ichiga oladi.
Urganch shahri qadimiy Xiva shahridan atigi 30 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, uning tarixiy markazi — Ichan-Qal’a YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Tomonlar, shuningdek, Qozog‘istonning yetakchi turoperatorlari va blogerlari uchun 7–10 avgust kunlari tanishuv infoturini tashkil etishga kelishib oldi. Ushbu infotur Xorazmda o‘tkaziladigan «Oltin qovun» festivali doirasida tashkil etiladi.
Infotur dasturidan Xivaning tarixiy markazi — Ichan-Qal’aga ekskursiya, «Arda Xiva» majmuasi infratuzilmasi bilan tanishish, festival tadbirlarida ishtirok etish hamda mintaqa turizm sohasi vakillari bilan B2B uchrashuvlari o‘rin olgan. Ishtirokchilar Xorazmning turistik imkoniyatlarini shaxsan baholash va qozog‘istonlik sayyohlar uchun yangi jozibador turistik takliflarni shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida «Arda Xiva» va FlyArystan o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Olmaotada bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv ushbu memorandumni amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Olmaota – Urganch – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 3 sentyabrdan boshlanadi va haftasiga ikki marta — payshanba hamda yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviachiptalar FlyArystan mobil ilovasi, aviakompaniyaning rasmiy sayti va boshqa sotuv kanallari orqali xarid qilish uchun allaqachon mavjud.
«Arda Xiva» majmuasi haqida
«Arda Xiva» turistik majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan. Ko‘p tarmoqli turistik klaster G‘ovuko‘l sohilidagi 25 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi ko‘magida madaniy-tarixiy, sport hamda ko‘ngilochar tadbirlarni keng ko‘lamda tashkil etib kelmoqda.
Majmua infratuzilmasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 1000 o‘rinli 6 ta mehmonxona;
- ochiq akvapark va yopiq suzish havzasi;
- 3000 o‘rinli amfiteatr;
- 11 ta hunarmandchilik uyi, «Qadimiy Urganch» muzeyi, rassomlik galereyasi va zargarlik markazi;
- umumiy uzunligi 2 kilometr bo‘lgan gondolalar uchun suv kanallari;
- 10 dan ortiq kafe va restoranlar, sharqona bozor;
- mintaqadagi eng yirik bolalar markazi, sport inshootlari hamda SPA majmuasi.
Majmuani boshqarish O‘zbekistonning HotelPro va Rossiyaning Kronwell kompaniyalari xalqaro konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.
FlyArystan haqida:
FlyArystan — Qozog‘istonning loukost aviakompaniyasi bo‘lib, Air Astana kompaniyalar guruhining 100% sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. U o‘z faoliyatini 2019 yil may oyida boshlagan. Aviakompaniya keng yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi va zamonaviy Airbus A320 samolyotlari parkiga ega.
Uning asosiy bazalari Olmaota, Ostona va Aqtau shaharlarida joylashgan. FlyArystan marshrutlar tarmog‘i ichki va xalqaro muntazam reyslar, shuningdek charter yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.

