AQSHdagi restoranda yuz bergan otishmada uch kishi halok bo‘ldi

AQSHning Aydaho shtatidagi Tvin-Fols shahrida joylashgan In-N-Out tezkor ovqatlanish restoranida yuz bergan otishma natijasida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi. Qurbonlar orasida gumonlanuvchi shaxs ham borligi ma’lum qilindi. Shuningdek, bir necha kishi turli darajadagi jarohatlar oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Mahalliy politsiya hodisa yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.
Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, u svetoforda to‘xtab turganida, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish yo‘lagidan avtomatik miltiq ko‘targan erkak chiqib kelgan. Keyinroq, qo‘lida to‘pponcha bo‘lgan boshqa bir erkak unga qarata o‘q uzgan. Kamida uch marta o‘q ovozi eshitilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qurollangan ikki erkak tasvirlangan.
Otishma paytida restoran xodimlari ham jabrlangan bo‘lishi mumkin. Guvohlardan birining aytishicha, u In-N-Out xodimlaridan biri ko‘kragidan o‘q yegan ayol hamkasbini avtoturargoh bo‘ylab sudrab ketayotganini ko‘rgan. Ayolning restoranning xizmat kiyimida bo‘lgani aytilmoqda. Hozircha otishma sabablari rasman e’lon qilinmagan.
Taxminan 56 ming aholi istiqomat qiladigan Tvin-Fols shahri Aydaho shtatining janubida joylashgan. Mazkur shtat AQSHdagi qurolga oid qonunlari eng yumshoq hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘qotar qurolni olib yurish uchun maxsus ruxsatnoma yoki ro‘yxatdan o‘tkazish talabi mavjud emas.
Avvalroq, 26-iyul kuni AQSHning Sietl shahri markazida oziq-ovqat festivalida otishma sodir bo‘lgan edi. Natijada uch kishi halok bo‘lgan va to‘rt kishi, jumladan, bir nafar go‘dak yaralangan edi.

