AQSHda qondagi qand miqdori va alkogol darajasini aniqlaydigan aqlli uzuk taqdim etildi

AQSHda qondagi qand miqdori va alkogol darajasini aniqlaydigan aqlli uzuk taqdim etildi.
Kaliforniya universiteti olimlari ter orqali organizmdagi shakar va alkogol miqdorini tahlil qila oladigan "aqlli" uzukni ixtiro qildilar. Ushbu qurilma to‘plagan ma’lumotlar real vaqt rejimida iPhone smartfonidagi maxsus ilovaga uzatiladi.
Bugungi kunda qo‘l soatlari va fitnes bilaguzuklar yurak urishi, uyqu va qadamlarni o‘lchashda keng qo‘llaniladi. Biroq, qon tarkibidagi biokimyoviy o‘zgarishlarni aniqlash ko‘plab gadjetlar uchun hozirgacha imkonsiz edi.
Yangi uzuk glyukoza, alkogol, ketonlar, laktatlar, vitamin C va siydik kislotasi kabi ko‘rsatkichlarni monitoring qila oladi. Qurilma bir vaqtning o‘zida to‘rttagacha ko‘rsatkichni o‘lchash funksiyasiga ega. Eng muhimi, tahlil uchun maxsus jismoniy mashqlar bajarib terlash shart emas, chunki texnologiya zaruriy suyuqlikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri barmoq yuzasidan yig‘ib oladi. Muhandislarning ta’kidlashicha, ushbu gadjet ayniqsa 1-toifadagi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun juda foydali bo‘ladi.
Nature Communications jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, uzuk qayd etgan ko‘rsatkichlarning aniqligi an’anaviy qon tahlillari va glyukoza monitoringi tizimlari bilan deyarli bir xil. Shunga qaramay, qurilmaning ba’zi kamchiliklari ham mavjud. Hozircha devays ancha yirik hajmga ega va bir marta quvvatlanish orqali bor-yo‘g‘i 12 soat ishlaydi. Ishlab chiquvchilar kelgusida uning hajmini kichiklashtirib, ushbu muammolarni bartaraf etishga va’da bermoqdalar.

