AQSh Milliy razvedkasiga yangi direktor tayinlandi
AQSh Senati Nyu-York janubiy okrugi federal prokurori Jyey Kleytonni Milliy razvedka direktori lavozimiga tasdiqladi. Uning nomzodini 51 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 47 nafar senator, jumladan, barcha demokratlar qarshi ovoz berdi.

AQSh Milliy razvedkasi yangi rahbarga ega bo‘ldi: 28-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijasida Jyey Kleyton ushbu lavozimga rasman tasdiqlandi. Uning nomzodi iyun oyida Prezident Donald Tramp tomonidan Senatga taqdim etilgan edi.
AFP agentligining xabar berishicha, dastlab demokratlar Kleytonni Milliy razvedka rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Uilyam Pultega nisbatan maqbulroq variant deb hisoblashgan. Biroq Senatdagi eshituvlar davomida ularning fikri o‘zgargan. Xususan, demokrat senatorlar Kleytondan 2020-yilgi prezidentlik saylovida Jo Baydenning g‘alabasini tan oladimi, deb bir necha bor so‘rashgan. Kleyton Baydenning saylov g‘olibi sifatida "e’tirof etilganini" ta’kidlagan, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan o‘zini tiygan. Donald Tramp bir necha yildan buyon ushbu saylov natijalari soxtalashtirilganini da’vo qilib keladi, ammo bu iddaolarni tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.
Jyey Kleyton 2025-yildan beri Nyu-York janubiy okrugi federal prokurori lavozimida ishlagan. U bir qator shov-shuvli ishlarga rahbarlik qilgan, jumladan, Venesuelaning sobiq rahbari Nikolas Maduroga nisbatan giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi bo‘yicha tergovni nazorat qilgan.
Shunga qaramay, Kleytonning razvedka yoki milliy xavfsizlik sohasida amaliy tajribasi yo‘q. Endi u AQShning 18 ta idoradan iborat razvedka hamjamiyatini boshqaradi. Bu tizimga Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA), Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) va Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi (DIA) kabi tashkilotlar kiradi.
Avvalgi Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard may oyida turmush o‘rtog‘ining og‘ir kasalligi tufayli lavozimini tark etgan edi. Shundan so‘ng Donald Tramp vazifani vaqtincha Uilyam Pultega yuklagan. Ammo uning razvedka sohasida tajribasi yetarli emasligi ikki partiya vakillari tomonidan tanqid qilingan.
AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Pulte qisqa muddatli rahbarligi davrida Donald Trampning ayrim siyosiy raqiblariga nisbatan jinoiy ta’qib masalasini ko‘rib chiqish uchun materiallar yuborish tashabbusi bilan chiqqan hamda Milliy razvedka direktori apparatida keng ko‘lamli qisqartirishlarni amalga oshirgan. Uning ma’lum qilishicha, beshinchi bosqich qisqartirishlardan keyin idora markaziy apparati xodimlari soni qariyb 30 foizga kamaytiriladi.
Jyey Kleyton ilgari AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) raisi sifatida ham ishlagan. Shuningdek, u Sullivan & Cromwell yuridik firmasida faoliyat yuritib, huquq sohasida katta tajriba orttirgan.

