Texnologiya

Apple tarixidagi eng noodatiy smartfon: iPhone 20 haqida nimalar ma’lum?

Apple kompaniyasi tarixidagi eng g‘ayrioddiy smartfon: iPhone 20 haqida ma’lumotlar

Yaqin kelajakda Apple o‘zining iPhone qatorini yangilaydi, bu qatorga kompaniya tarixidagi birinchi buklanuvchi, egiluvchan displeyli gadjet ham kiradi. Biroq, haqiqiy inqilobiy qurilma bir yildan so‘ng, iPhone 20 chiqarilganda paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu modelning taqdimoti 2007-yilda debyut qilgan original Apple smartfonining 20 yillik yubileyiga bag‘ishlanadi.

Butunlay shishadan yasalgan korpus, "kemtik"siz ulkan ekran va boshqa noodatiy g‘oyalar – bo‘lajak qurilma haqida hozircha ma’lum bo‘lgan eng muhim ma’lumotlarni jamladik.

**Shisha korpus**

iPhone 20 haqidagi eng keng tarqalgan taxminlardan biri uning butun qurilmani qoplab turuvchi shishali, romsiz dizayni bilan bog‘liq. Aytilishicha, smartfon to‘rt tomondan qayrilgan AMOLED-displeyga ega bo‘ladi. Displey orqa shisha-keramik qopqoq bilan bir tekisda tutashib, "bir butun shisha parchasi"dek tasavvur uyg‘otadi.

Apple bir xil egri qirralarga ega panel yaratishga intilmoqda, bunda mikroegriliklar yordamida qiyalikni juda tekis saqlashni maqsad qilgan. Silliqroq shakllar chetdan chetga imo-ishoralar bilan boshqarishni osonlashtiradi, shuningdek, ekrandagi tasvir buzilishining oldini oladi. Nihoyat, bunday "shaffof" dizayn o‘z konsepsiyasi bilan Apple o‘zining operatsion tizimlari uchun yagona vizual mavzu sifatida ishlab chiqqan yangi Liquid Glass ("suyuq shisha")ga juda yaqinlashadi.

**Yangi katta displey**

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 20 ni iPhone 17 Pro va Pro Max kabi 6,3 va 6,9 dyuymli ekranlarga ega ikki xil modifikatsiyada chiqarish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, Digital Chat Station (DCS) taxallusli taniqli insayderning xabar berishicha, Apple qurilmaning "katta" versiyasi uchun kattalashtirilgan, 6,96 dyuymli ekranni sinovdan o‘tkazmoqda va u yetti dyuymli deya taqdim etiladi. Ekran kattalashganiga qaramay, smartfon tomonlari nisbati 6,9 dyuymli iPhone 17 Pro Max’nikiga yaqin bo‘lib qoladi. Bu yangilikning aksariyat foydalanuvchilar uchun odatiy bo‘lgan o‘lchamlarini saqlab qolish imkonini beradi.

**Dynamic Island’dan voz kechish**

2022-yilda iPhone 14 Pro va Pro Max’da Dynamic Island elementi paydo bo‘lganidan beri Apple old kamera va Face ID uchun o‘yiqlarni kichraytirishga yoki umuman olib tashlashga harakat qilayotgani muhokama qilinib kelinadi. Ancha vaqtdan buyon selfi-kamera va egasining hajmiy-fazoviy identifikatorini displey ostiga joylashtirish texnologiyasi ustida faol ish olib borilmoqda. Bu esa mutlaqo yaxlit va "toza" ekran yaratishga imkon beradi. Xususan, insayderlar hisobotlaridan birida "mikroshaffof oyna" haqida so‘z yuritilgan bo‘lib, uning yordamida Face ID infraqizil nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri old panel orqali o‘ta oladi.

**200 megapikselli asosiy kamera**

Hozirgi iPhone 17 Pro 48 megapikselli uchta asosiy kamera bilan jihozlangan. Kutilishicha, Apple iPhone 20 modelida hech bo‘lmaganda asosiy sensor uchun yangi 1/1,12 dyuymli 200 megapikselli sensorga o‘tadi. Yana bir muhim yangilik o‘ta keng burchakli obyektiv bilan bog‘liq: u optik tasvir barqarorlashtirish funksiyasiga ega bo‘lishi mumkin, buning yordamida ushbu datchikdan video yozish jarayoni yanada silliq va ravon kechadi.

**Sensorli tugmalar**

Taxminlarga ko‘ra, iPhone 20 da mutlaqo yangi tugmalar paydo bo‘ladi. Ya’ni Apple mexanik yon quvvat tugmasi, ovoz balandligini sozlash tugmalari, harakat tugmasi va kamerani boshqarish tugmasini bosilganda jismonan harakatlanmaydigan, korpusga integratsiyalashgan sensorli analoglariga almashtiradi. Mexanik tugmali konstruksiyalarga xos bo‘lgan tirqishlarning yo‘qligi, haqiqatan ham, "bir butun shisha parchasi"dek tuyulishi kerak bo‘lgan qurilma uchun mantiqiy yechimdek ko‘rinadi.

**Nega iPhone 19 emas, iPhone 20?**

Apple’ning yubiley gadjeti iPhone 20 deb nomlanadi, garchi mantiqan olib qaraganda, 2027-yilda 19-raqamli smartfon chiqarilishi kerak edi. Bu texnogigantning shu tariqa Stiv Jobs tomonidan 2007-yilda taqdim etilgan o‘zining original smartfoni 20 yilligini nishonlamoqchi ekani bilan bog‘liq. Apple shunga o‘xshash qadamni 2017-yilda ham qo‘ygan: o‘shanda yubiley iPhone X chiqqan va kompaniya uning nomini qayta ko‘rib chiqib, arab raqamini Rim raqami X ga almashtirgan edi. Ushbu gadjet o‘z turkumidagi birinchi organik svetodiodli (OLED) displey, "Bosh sahifa" tugmasining yo‘qligi va yangi Face ID tizimi tufayli o‘zidan oldingi modellardan sezilarli darajada farq qilgan.

**iPhone 20 narxi va chiqish sanasi**

Taxminlarga ko‘ra, Apple flagman smartfonlarini chiqarishning odatiy jadvaliga sodiq qoladi, shuning uchun iPhone 20 2027-yil sentyabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda. Xuddi shu tadbir doirasida ikkinchi avlod buklama smartfoni ham namoyish etiladi.

Narxlarga kelsak, ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Joriy yilning o‘zida, butlovchi qismlar, birinchi navbatda tezkor va flesh-xotira narxi oshishi sababli Apple yangi avlod flagman smartfonlari narxini, taxminan, 200 dollarga oshiradi. Shunday qilib, iPhone 18 Pro narxi 1299 dollardan boshlanadi. Murakkab konstruksiya va yangi qismlardan foydalanish esa iPhone 20 ni yanada qimmatlashtirishi mumkin — uning narxi 1399 yoki hatto 1499 dollargacha ko‘tarilishi ehtimoldan xoli emas.

featurespriceappleiphonesmartphonedesigncameradisplay