Texnologiya

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushishi mumkin

Markaziy bank departamenti rahbari Jamshid Usmanovning ma’lum qilishicha, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgach, Apple va Google bilan texnik integratsiya bo‘yicha muzokaralar boshlangan. “Hozirda tijorat banklari integratsiya ishlarini faol olib bormoqda. Kartalarni tokenizatsiya qilish bilan bog‘liq jihatlar bor”, - dedi u.

Apple Pay va Google Pay xizmatlari O‘zbekistonda yaqin oylarda faoliyat boshlashi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov Spot nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, Markaziy bank tijorat banklari, shuningdek, Humo va Uzcard milliy to‘lov tizimlari bilan birgalikda Apple va Google kompaniyalari bilan muzokaralarni boshlagan. Shu bilan birga, xizmatlarning texnik integratsiyasi bo‘yicha ishlar ham olib borilmoqda.

"Hozirda tijorat banklari integratsiya ishlarini faol olib bormoqda. Kartalarni tokenizatsiya qilish bilan bog‘liq jihatlar mavjud", — deya ta’kidladi Usmonov.

Uning qayd etishicha, bu faqatgina xalqaro to‘lov tizimlari – Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmaydi. Markaziy bank, shuningdek, Apple Pay va Google Pay tizimlariga mahalliy Humo va Uzcard to‘lov tizimlari kartalarini ham qo‘shish ustida ishlamoqda.

Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, yaqin bir necha oy ichida loyiha bo‘yicha ijobiy yangiliklar kutilmoqda.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, bir yoki bir nechta tijorat banki ushbu xizmatlarni birinchi bo‘lib ishga tushirishi mumkin. Markaziy bank vakili regulyatorning Apple va Google vakillari bilan muzokaralar o‘tkazganini ham tasdiqladi. Uning aytishicha, uchrashuvlar joriy yilning aprel va may oylarida bo‘lib o‘tgan.

uzbekistanhumocentral bankdigital paymentspayment systemsapple paygoogle payuzcard