Mahalliy

Andijon aeroporti ilk bor Boeing 747 yuk samolyotini qabul qildi. Unda 160 bosh qoramol keltirildi

Andijon aeroporti o‘z tarixida birinchi marta Boeing 747 yuk samolyotini qabul qildi. Bu samolyotda 160 bosh qoramol olib kelindi.

Uzbekistan Airports AJ axborot xizmatining xabar berishicha, Andijon xalqaro aeroporti Challenge Air Cargo aviakompaniyasining Boeing 747-400F rusumidagi yuk havo kemasini ilk bor qabul qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 4-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:13 da Belgiyaning Lyej aeroportidan uchgan reys orqali Andijonga umumiy og‘irligi 83,3 tonna bo‘lgan 160 bosh nasldor tirik qoramol yetkazib berilgan.

Havo kemasi bortida Germaniyaning Simmental va Golshtin zotlariga mansub qoramollar tashilgan. Bu zotlar yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi: Simmental zoti sut va go‘sht yo‘nalishida universal hisoblansa, Golshtin zoti dunyoda eng ko‘p sut beruvchi zotlardan biridir.

Uzbekistan Airports AJ va aeroport mutaxassislari tomonidan tirik hayvonlarni tushirish, veterinariya nazoratidan o‘tkazish va ularni maxsus transportlarga ortish ishlari amaldagi xavfsizlik talablariga muvofiq tezkorlik bilan bajarildi.

Avvalroq O‘zbekiston aeroportlari yarim yil ichida 8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgani ma’lum qilingan edi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga oshgan. Ushbu yo‘lovchilarning 6 million 698 ming nafari xalqaro reyslar, 1 million 455 ming nafari esa ichki reyslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

uzbekistanboeingagriculturelivestockandijan airportimportscargo planecattle