Layfstayl

Amerikalik 11 yoshli bola boshpanadagi itlarga 100 soatdan ortiq kitob o‘qib berdi. U hayvonlarga yangi uy topilishiga yordam bermoqda

Amerikalik 11 yoshli bola boshpanadagi itlarga 100 soatdan ortiq kitob o‘qib berib, ularga yangi uy topishga yordam bermoqda.

AQSHning Florida shtatida yashovchi 11 yoshli Nexemaya Terner boshpanadagi itlarga baland ovozda kitob o‘qishga 100 soatdan ko‘proq vaqtini sarfladi. Uning maqsadi shu yo‘l bilan hayvonlarning tezroq yangi oila topishiga ko‘maklashishdir.

Nexemaya ikki yildan buyon Jacksonville Humane Society hayvonlar boshpanasi tomonidan tashkil etilgan “Pawsitive Reading” (inglizcha “panja” va “ijobiy” so‘zlari o‘yinidan yasalgan nom) dasturida ishtirok etib kelmoqda. Ushbu dastur doirasida bolalar boshpanaga kelib, hayvonlarga kitob o‘qib berishadi.

Mutaxassislarning fikricha, insonning xotirjam ovozi itlarning odamlardan kamroq qo‘rqishiga, boshpanadagi hayotga osonroq moslashishiga va kelajakdagi egalariga tezroq ko‘nikishiga yordam beradi.

Nexemayaning aytishicha, u o‘qib bergan kitoblar itlarning o‘zini yaxshi his qilishiga va yangi oilaga ega bo‘lishiga hissa qo‘shishiga umid qiladi. "Ularning uy topishini juda istayman. Umid qilamanki, men ularga oz bo‘lsa ham yordam bera oldim", deydi u.

Bola kitob o‘qib bergan ilk itning laqabi Oggi bo‘lgan. Nexemaya boshpanadan ilk bor qaytayotganida ko‘z yoshlarini tiya olmaganini eslaydi.

Joriy yilning iyun oyida boshpana xodimlari Nexemayaga dastur tarixida hayvonlarga 100 soatdan ortiq kitob o‘qib bergan ilk ishtirokchi bo‘lgani uchun maxsus sertifikat topshirdi.

Boshpana rahbarining ta’kidlashicha, bolaning tashabbusi bitta ezgu ish ham boshqalarning hayotini o‘zgartirishi mumkinligini yaqqol namoyish etadi. "U nafaqat boshpanadagi hayvonlarga yordam bermoqda, balki o‘zining ezgu namunasi bilan atrofdagilarni ham ilhomlantiryapti", deydi boshpana rahbari.

bolalarkitob o'qishhayvonlarga yordamitlarboshpanaixtiyoriy faoliyatilhomlantiruvchi hikoyaaqsh