Aka-uka Teytlarni garov evaziga ozod etish soʻraldi
Endryu va Tristan Teytlar, Britaniya va AQSH fuqarolari, 18-iyul kuni Mayamida "maxfiy order" asosida hibsga olinganidan so'ng, ularning advokatlari 7-avgust kuni AQSH sudyasidan aka-ukani garov evaziga ozod etishni so'radi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Teytlar zo'rlash, tajovuz va jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga ko'maklashish ayblovlari bilan Britaniyaga ekstraditsiya qilinishi kerak. Ularning advokatlari Mayami federal sudiga ariza kiritib, himoyasidagi shaxslarni ozod etishga chaqirgan. Xususan, aka-ukalar "o'ta mashhurligi" sababli qochib keta olmasligi, shu sababli ekstraditsiya jarayoni yakunlangunga qadar ularni qamoqda saqlashga hojat yo'qligi ta'kidlangan.
"Endryu yoki Tristan uchun yashirincha sayohat qilish yoki e'tibordan chetda qolish juda qiyin bo'lardi", degan advokatlar.
Ular aka-ukalarning pasportlarini topshirish hamda joylashuvini kuzatish sharti bilan garov evaziga ozod etilishini so'ramoqda. Mayamidagi AQSH prokuraturasi mazkur so'rovga 10-avgustgacha javob qaytarishi kutilmoqda. Sudya Luis esa ularni ozod etish masalasiga bag'ishlangan majlisni 13-avgustga belgilagan.
Prokurorlar avvalroq sudyaga aka-ukalarni hibsda saqlash kerakligini, chunki ularning qochib ketish xavfi borligi va ular jamiyat uchun xavf tug'dirishini ta'kidlagan. Britaniya to'liq ekstraditsiya so'rovini AQSH Davlat departamentiga 16-sentyabrgacha taqdim etishi kerak.
Endryu Teyt va Tristan Teyt avval ham Britaniyada uch nafar taxminiy jabrlanuvchi bilan bog'liq zo'rlash va odam savdosi ayblovlariga duch kelgandi. Sudya ularni hibsga olish uchun 2024-yil yanvar oyida order bergan, biroq aka-uka ayblovlar yuzasidan ko'rsatma berish uchun Britaniya sudiga kelmagan. Britaniya Teytlarni har ikkala ayblovlar to'plami bo'yicha javobgarlikka tortish uchun ekstraditsiya qilishga harakat qilmoqda.
**Ruminiyada aka-uka Teytlarga nisbatan ayblovlar**
2022-yilda aka-uka Teytlar Ruminiyada odam savdosi va nomusga tegish aybi bilan hibsga olinib, keyinchalik uy qamog'iga o'tkazilgandi. 2023-yilning yozida ular uy qamog'idan ozod qilindi, ammo politsiya nazorati ostida qoldi.
Ruminiya rasmiylariga ko'ra, aka-uka Teytlar 2015-yilda ayollarni videochatlarda ishtirok etishi uchun yollash bilan shug'ullanuvchi jinoiy tarmoqni tashkil etgan va ularni pulli platformalarda sotish maqsadida pornografik kontent yaratishga majburlagan. Tergov, shuningdek, aka-ukadan biri 2020-yilda 15 yoshli qiz bilan jinsiy aloqada bo'lgani, qizdan esa pornografik materiallar tayyorlashda ham foydalanilganini ta'kidlamoqda.
2024-yilda aka-ukalar Ruminiyada jinsiy zo'ravonlik ayblovi bilan yana qo'lga olingandi. 2026-yil ularda sud nazorati olib tashlangandi.
**Teytlarning O'zbekistonga tashrifi**
4-aprel kuni Endryu Teyt X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida O'zbekistonga kelgani aks etgan videoni joylagandi. Videoda uning Toshkent xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari ostida, o'zbekona mehmondo'stlikning oliy belgisi — zar chopon bilan kutib olingani aks etgan.
Bu "ehtirom" ijtimoiy tarmoqlarning o'zbek segmentida iliq qarshilanmagan. Og'ir jinoyatlarda ayblanayotgan shaxsga ko'rsatilgan bunday dabdaba keskin tanqidlarga sabab bo'lgandi. Xalqaro miqyosda og'ir ayblovlar ostida qolayotgan shaxsning tashrifi kim tomonidan va nima maqsadda tashkil etilgani haqida rasmiy ma'lumot yo'q.

