Afg‘oniston hududida O‘zbekiston tashuvchilaridan undirilayotgan yig‘imlarni maqbullashtirish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston va Afg‘oniston transport vazirliklari vakillari uchrashuvida ikki davlat milliy tashuvchilarini uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan amaliy choralarni ko‘rish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.

**Afg‘onistonda O‘zbekiston tashuvchilaridan olinadigan yig‘imlarni tartibga solish masalasi ko‘rib chiqildi**
Termiz shahrida transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligida Afg‘oniston transport va aviatsiya vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini yanada kengaytirish, milliy tashuvchilar uchun qulay va teng sharoitlar yaratish, Afg‘oniston hududida O‘zbekiston tashuvchilaridan undirilayotgan yig‘imlarni maqbullashtirish, shuningdek, yig‘imlarni o‘zaro manfaat va tenglik tamoyillari asosida belgilash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston milliy tashuvchilarining takliflari va murojaatlari tinglandi. Ularni uzoq vaqtdan beri qiynab kelayotgan muammolarni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.

