Abduqodir Husanov to‘liq o‘ynagan bahda “Manchester Siti” “Inter”ga yutqazdi

Abduqodir Husanov to‘liq ishtirok etgan o‘yinda “Manchester Siti” “Inter”ga imkoniyatni boy berdi.
Angliya vitse-chempioni “Manchester Siti” va Italiya chempioni “Inter” jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlandi. Gonkongdagi “Kay Tak” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan tugadi. G‘olibni aniqlash uchun o‘tkazilgan penaltilar seriyasida “Inter” 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 15-daqiqasida ingliz jamoasi hujumchisi Diven Mubama hisobni ochgan bo‘lsa, 20-daqiqada milanliklar himoyachisi Benjamen Pavar muvozanatni tikladi.
Qayd etish joizki, ushbu o‘yinda “Manchester Siti” tarkibida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushib, o‘yinni to‘liq, almashtirishlarsiz o‘tkazdi. Uchrashuv davomida sariq kartochka olgan Husanovning o‘yini Sofascore portali tomonidan 6.6 ballga baholandi.
Ma’lumot uchun, yakunlangan mavsumda “Manchester Siti” Angliya chempionatida 78 ochko to‘plab, peshqadam “Arsenal”dan (85 ochko) keyin ikkinchi o‘rinni egallagan edi. “Inter” esa 87 ochko jamg‘arib, Italiya A Seriyasida chempionlikni qo‘lga kiritgan.

