“Abbosbekning to‘yida bir ish qildim”. Iroda Dilroz taniqli futbolchining nikoh oqshomi tafsilotlari haqida

“Abbosbekning to‘yida bir ish qildim”. Iroda Dilroz taniqli futbolchining nikoh oqshomi tafsilotlari haqida
Xonanda Iroda Dilroz “Mening yurtim” telekanalining “Omon-omon” ko‘rsatuviga bergan intervyusida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning xonadonida nikoh to‘yi hamda kelinsalom marosimini o‘tkazgani haqida so‘zlab berdi.
“Nikoh oqshomi tadbiridan surat va videolarni tarqatish taqiqlangandi”
— O‘tgan yili Abduqodir Husanovning to‘yida ham qo‘shiq kuylagan edim. U futbolchining ham to‘yi juda chiroyli o‘tgandi. Biroq marosim mutlaqo yopiq tadbir holida tashkil etilgani sababli ijtimoiy tarmoqlarga, xususan, Instagram’ga to‘ydan surat va videolarni joylashtirish taqiqlangandi.
Abbosbek Fayzullayevning to‘yida ham xuddi shunday cheklov bo‘lishi aytilgandi. Shu sababli boshida nikoh oqshomidan olingan videolarni sahifamga joylamay turgandim. Biroq tadbir hali yakunlanmasidanoq tarmoqlarda u haqda videolar tarqalib ketdi. Shundan so‘ng hamma joylay boshlagach, men ham ushbu jarayonlar aks etgan videolarni muxlislarim bilan bo‘lishdim. Chunki kelinsalom marosimi bo‘layotgan paytda Abbosbek bilan kelinning kadrlarini joylashayotgan, biroq men ko‘ringan joylarni montajda kesib tashlashayotgan edi. Shunda o‘zimga o‘zim: “Nega to‘yda bevosita ishtirok etib turib, video ulashmasligim kerak? Nima uchun aynan men ko‘ringan kadrlarni olib tashlashyapti?”, deb savol berdim.
To‘g‘risini aytsam, tadbir juda chiroyli va hissiyotlarga boy tarzda o‘tdi. Abbosbekning o‘ziga, qolaversa, O‘zbekiston terma jamoasiga atalgan chiroyli she’rlarimni o‘qib berdim. Eng asosiysi, futbolchining onasini quchoqlab, Abdulla Oripovning “Bilmam qanday ayol bo‘lgan Alisherning onasi, Balki uning aqliga lol qolgan zamonasi”, deb boshlanuvchi she’rini aytib berdim. Qarang, qanday onalar mana shunday hamma havas qiladigan o‘g‘lonlarni tarbiyalashadi! Shu kuni o‘zbekning mard yigitlari jam bo‘lgan go‘zal bir davrada bo‘ldim. Bu men uchun juda katta baxt.
“Abbosbekning to‘yi videosini joylaganimdan so‘ng sahifam faolligi keskin oshib ketdi”
— Abbosbekning videosini tarmoqqa joylaganimdan keyin birdaniga ko‘rishlar soni (prosmotr) ortib ketdi. Shunda bu bolani xalq haqiqatan ham juda yaxshi ko‘rishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Shu voqeadan keyin angladimki, biz o‘zimizni zo‘r deb hisoblashimizdan avval kimlar orqali, qanday muhit va aura sababli e’tibor qozonayotganimizni his qila bilishimiz kerak ekan, deydi xonanda.

