Layfstayl

5 metrga ham yetmaydi: AQSHda oshxona va yuvinish xonasi bor mitti uy taqdim etildi

5 metrdan ham qisqa: AQSHda oshxona va hammomga ega ixcham uy taqdim etildi

Amerikaning Escape kompaniyasi eBoho Go nomli yangi ixcham uyni namoyish etdi. Atigi 11 kvadrat metr maydonga ega bo‘lishiga qaramay, bu g‘ildirakli uyda qulay oshxona, yuvinish xonasi va ikki kishilik karavot mavjud. Ushbu yangi modeldan doimiy yashash joyi sifatida, shuningdek, mehmonxona, shaxsiy ofis yoki ijaraga beriladigan joy sifatida foydalanish mumkin.

Ushbu g‘ildirakli uy ikki o‘qli maxsus tirkama ustiga qurilgan bo‘lib, uning uzunligi 4,6 metrni tashkil etadi. Juda ixcham bo‘lishiga qaramay, muhandislar uyning har bir santimetridan samarali foydalanishgan. Devorlarga o‘rnatilgan katta panoramali oynalar ixcham uyni tabiiy yorug‘lik bilan ta’minlaydi, devor ichiga yig‘iladigan mebellar esa ortiqcha joy egallamaydi.

Foto: www.escapetraveler.net

Ixcham uyning ichida muzlatkich, rakovina, induksion plita va idish-tovoqlar uchun shkaflari bo‘lgan oshxona mavjud. Shuningdek, dush va hojatxonasi bo‘lgan alohida yuvinish xonasi hamda qulay yotoq joyi qilingan. Barcha maishiy texnikalar to‘liq elektr toki bilan ishlaydi.

Uyning asosi sifatli yog‘ochdan qurilgan va qishda sovuq, yozda issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy izolyatsiya materiallari bilan qoplangan. Ochiladigan oynalarga chivin to‘rlari va jaluzilar o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, uy mijozning xohishiga ko‘ra jihozlanadi va unda nafaqat yozgi ta’tilda, balki qishning qahratonida ham bemalol yashash mumkin.

Hozirda kompaniya ushbu model uchun buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. eBoho Go ixcham uyining boshlang‘ich narxi taxminan 39 440 AQSh dollarini tashkil etadi. Kompaniya bu mahsulotini o‘z yo‘nalishidagi eng ixcham va tejamkor to‘liq elektrli yechim deb baholamoqda.

aqshmitti uyeboho goescape kompaniyasig'ildirakli uyixcham uymobil uyko'chma uy